Nigeriyada xorijdan qaytgan fuqaroda Ebola virusi aniqlandi
Nigeriya poytaxti Abudjada xorijdan qaytgan ayolda Ebola virusi tasdiqlandi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu joriy avj olish davrida mamlakatda qayd etilgan ilk holat hisoblanadi. Bemor darhol shifoxonaga yotqizilib, uning davolanishi uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Nigeriya Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu xavfli infeksiya aniqlangani haqida 20-oktabr kuni eʼlon qildi. Aniqlanishicha, virus Ugandadan samolyotda uchib kelgan ayolda topilgan. Uganda Sogʻliqni saqlash vazirligi bemor Nigeriya fuqarosi ekanini va mamlakat hududidan faqat tranzit maqsadida foydalanganini tasdiqlagan. Maʼlum boʻlishicha, infeksiyalangan fuqaro bunga qadar Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida xizmat safarida boʻlgan. Ugandada avvalroq ham Ebola infeksiyasi qayd etilgan boʻlsa-da, keyinchalik rasmiylar mamlakatda faol kasallanish holatlari qolmaganini maʼlum qilgan edi. Kongo Demokratik Respublikasida esa joriy yilning may oyidan beri Bundibugyo virusi keltirib chiqargan Ebola kasalligining yangi toʻlqini kuzatilmoqda. Xalqaro OAV va DW maʼlumotlariga koʻra, sentabr oʻrtalarida mamlakatda 7 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilib, 3 300 dan ziyod kishi vafot etgan. Kongo Demokratik Respublikasidagi epidemiologik vaziyat hukumat kuchlari va turli isyonchi guruhlar oʻrtasidagi davom etayotgan qurolli mojaro tufayli yanada murakkablashgan. Ushbu ziddiyatlar kasallikning tarqalishini cheklash va unga qarshi kurashish ishlarini sezilarli darajada qiyinlashtirmoqda. Nigeriya rasmiylari mamlakatda xavfli virus tarqalishining oldini olish maqsadida tezkor chora-tadbirlarni boshlab yubordi. Xususan, kasallangan bemor bilan muloqotda boʻlishi mumkin boʻlgan 44 nafar shaxs maxsus kuzatuvga olingan. Hozirgi vaqtda epidemiologlar va shifokorlar xavfli hududlardan qaytayotgan fuqarolarni tekshirishni kuchaytirgan. Mutaxassislar ehtimoliy aloqalarni toʻliq aniqlash va infeksiyaning keng tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha zarur epidemiyaga qarshi choralarni amalga oshirmoqda.
Batafsil →