← Orqaga
searchTV.uz

Andijon va Vitebsk hamkorligi: yangi loyihalar va istiqbollar

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Belarus Respublikasining Vitebsk oblastida bo'lib turibdi. Tashrif davomida savdo-iqtisodiy, sanoat, qishloq xo'jaligi, investitsiya va tadbirkorlik yo'nalishlarida o'zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar va uchrashuvlar o'tkazildi. Delegatsiyaning tashrifi Vitebsk oblastini fashizmdan ozod qilish yo'lida halok bo'lgan o'zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag'ishlangan yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi. Mazkur majmuada minglab jangchilar qatori 700 dan ortiq o'zbekistonlik, jumladan 50 nafar andijonlik askarlarning nomlari abadiylashtirilgan. Shuningdek, tashrif doirasida ikki hudud o'rtasida qishloq xo'jaligi, xususan, chorvachilik sohasidagi hamkorlik yangi loyihalar bilan boyidi. Vitebsk oblastining Ushachi rayonida "Andijon mayak" MChJ tashkil etilib, o'zbekistonlik investorlar tomonidan qoramol yetishtirish yo'lga qo'yilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Gorodok rayonining Klyushovo qishloqchasida 4 ming bosh qoramolga mo'ljallangan yirik chorvachilik va go'sht yetishtirish majmuasi hamda turar joy kompleksini o'z ichiga olgan agroklaster qurilishi boshlandi. Xotira tadbiri doirasida ikki xalq o'rtasidagi do'stlik ramzi sifatida qizil bargli eman ko'chatlari ekildi. Shuningdek, Andijon delegatsiyasi Vitebsk davlat universitetida bo'lib, ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o'qituvchilarning akademik mobilligini ta'minlash masalalarini muhokama qildi. Viloyat hokimi universitetda tahsil olayotgan andijonlik talabalar bilan uchrashib, ularning ta'lim olish va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Safar davomida delegatsiya an'anaviy "Dajinki" hosil bayrami tadbirlarida ham ishtirok etdi. Qolaversa, Andijon viloyati kasbiy ta'lim boshqarmasi va Vitebsk mas'ullari o'rtasida o'quvchilar uchun xorijda amaliyot o'tash va ilg'or tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratuvchi muhim kelishuvga erishildi.
Ulashish