← Orqaga
searchTV.uz

Hindistonning uch yirik kompaniyasi Yangi Toshkent loyihalariga qiziqish bildirdi

Hindistonning Larsen & Toubro, Adani Group va Reliance Industries kompaniyalari vakillari Yangi Toshkentdagi yirik investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida mehmonlarga shaharni rivojlantirish rejalari va sarmoya kiritish imkoniyatlari bo'yicha batafsil taqdimotlar qilindi. Delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi 15–16-oktabr kunlari mamlakatning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamrohligida amalga oshirildi. Mazkur tashrif 12-oktabr kuni prezident raisligida Yangi Toshkentga xorijiy investorlarni jalb qilish masalalari yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan. Uchrashuvlarda Larsen & Toubro vitse-prezidenti Rajan Bansal, Adani Group’ning O'zbekistondagi loyihalar bo'yicha maxsus vakili Anand Kumar hamda Reliance Industries’ning xalqaro aloqalar bo'yicha direktori Mahesh Kumar ishtirok etdi. Yangi Toshkent direksiyasi rahbariyati mehmonlarga hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Muhokamalar chog'ida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, markazlashgan issiqlik ta'minotini yo'lga qo'yish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, turar joy va noturar joy majmualari, yirik tijorat obyektlari hamda zamonaviy savdo-ko'ngilochar markazlar qurilishi bo'yicha takliflar taqdim etildi. Taqdimot davomida shaharsozlikning zamonaviy tamoyillarini tatbiq etish, ilg'or texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Hindiston kompaniyalari vakillari taqdim etilgan loyihalarni ijobiy baholab, ularni batafsil o'rganishni rejalashtirayotganini bildirdi. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha o'z takliflarini tayyorlash va aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Delegatsiya vakillari, shuningdek, poytaxtda o'tkazilgan Yoqilg'i-energetika tarmog'i investorlari kengashining birinchi yig'ilishida ham qatnashdi. Ushbu kengash yig'ilishida Reliance Industries vakili Mahesh Kumar O'zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini barpo etish va elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etishga tayyor ekanini ta'kidladi. Ushbu tashabbuslar ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy va energetik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ulashish