← Orqaga
searchTV.uz

AQSH Yaponiyani ortda qoldirdi: eng kop polat ishlab chiqaruvchi 10 davlat

2025-yil yakunlariga koʻra, AQSH poʻlat ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Yaponiyani ortda qoldirib, dunyoda uchinchi oʻringa koʻtarildi. Xitoy jahon ishlab chiqarishining qariyb 52 foizi bilan yetakchilikni saqlab qoldi, ikkinchi oʻrindagi Hindiston esa birinchi oʻnlikda eng katta hajmdagi oʻsishni qayd etdi. Jahon poʻlat ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi - Worldsteel’ning World Steel in Figures 2026 maʼlumotnomasida mamlakatlarning toʻliq 2025-yildagi natijalari keltirildi. Reyting 2026-yil uchun prognozni emas, oʻtgan yilda amalda ishlab chiqarilgan poʻlat hajmini aks ettiradi. Xitoyda 2025-yilda 960,8 million tonna poʻlat ishlab chiqarilgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 1 milliard 5,1 million tonnani tashkil etgan edi. Ishlab chiqarish qisqarganiga qaramay, mamlakatning boshqa davlatlardan ustunligi kattaligicha qolmoqda. Hindiston oʻz navbatida poʻlat ishlab chiqarishni 149,4 million tonnadan 164,9 million tonnaga yetkazdi. Bu 15,5 million tonna qoʻshimcha mahsulot degani boʻlib, mamlakat oʻnlikda yetakchi oʻsishni taʼminladi. AQSH 81,9 million tonna koʻrsatkich bilan uchinchi oʻrinni egalladi. Yaponiya esa 80,7 million tonna poʻlat ishlab chiqarib, toʻrtinchi oʻringa tushdi. Reytingning keyingi oʻrinlarida Rossiya beshinchi, Janubiy Koreya oltinchi oʻrinni oʻzida saqlab qoldi. Shuningdek, Turkiya Germaniyadan yuqorilab oʻz mavqeini yaxshiladi. 2025-yilda eng koʻp poʻlat ishlab chiqargan 10 davlat quyidagicha koʻrinish oldi: Xitoy - 960,8 million tonna, Hindiston - 164,9 million tonna, AQSH - 81,9 million tonna, Yaponiya - 80,7 million tonna, Rossiya - 67,9 million tonna, Janubiy Koreya - 62,2 million tonna, Turkiya - 38,1 million tonna, Germaniya - 34,1 million tonna, Braziliya - 33,4 million tonna hamda Eron - 32 million tonna. Jahon boʻyicha umumiy ishlab chiqarish 2024-yildagi 1 milliard 886,8 million tonnadan 2025-yilda 1 milliard 848,9 million tonnaga tushdi. Bu qariyb 2 foizlik pasayishni tashkil etdi, biroq vaziyat davlatlar kesimida turlicha boʻldi.
Ulashish