Iqtisodiyot
Turizmdan eng katta iqtisodiy naf koʻrayotgan davlatlar maʼlum boʻldi
Jahon sayohat va turizm kengashi - WTTC maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda sayohat va turizmning AQSH iqtisodiyotiga qoʻshgan hissasi 2,63 trillion dollarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha Xitoy ikkinchi, Germaniya esa uchinchi oʻrinni egallagan.
Reyting faqat xorijiy sayyohlar sarflagan pulni emas, balki ichki sayohatlar va turizm bilan bogʻliq boshqa iqtisodiy faoliyatni ham toʻliq qamrab oladi. Baholashda mehmonxonalar, restoranlar va transport kompaniyalari faoliyatidan tashqari, ularga tovar va xizmat yetkazib beruvchilar hamda soha xodimlarining xarajatlari orqali yuzaga keladigan iqtisodiy taʼsir ham hisobga olingan.
Shu sababli bu roʻyxat eng koʻp xorijiy sayyoh qabul qilgan davlatlar reytingi bilan bir xil emas. Birinchi uchlikdagi davlatlar va ularning koʻrsatkichlari quyidagicha shakllangan: AQSH - 2,63 trillion dollar, Xitoy - 1,75 trillion dollar va Germaniya - 566 milliard dollar.
AQShning koʻrsatkichi Xitoynikidan qariyb 50 foiz yuqori boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi farq 880 milliard dollarga yetgan. Bu farq qolgan har qanday alohida mamlakatda turizmning iqtisodiyotga qoʻshgan hissasidan ham kattaroqdir.
Germaniya Yevropa yetakchisiga aylanib, Fransiya va Ispaniya kabi mashhur sayyohlik yoʻnalishlarini ortda qoldirgan. Bunda mamlakat ichki bozorining kattaligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan boʻlib, tunab qolishlarning qariyb 83 foizi mamlakat aholisi hissasiga toʻgʻri kelgan.
Yaponiya 2025-yilda rekord darajada - 42,7 million xorijiy sayyohni qabul qilgan boʻlib, bu oʻtgan yilgidan 15,8 foizga koʻpdir. Sakura gullashi va qishki sport turlari bilan birga, Osakada oʻtkazilgan Expo jahon koʻrgazmasi ham safarlarga turtki bergan.
Xitoyning turizm iqtisodiyoti 2025-yilda 9,9 foizga oʻsdi. Xorijiy sayyohlar soni 15,5 foizga koʻpayib, 68 milliondan oshdi, xarajatlar esa pandemiyadan oldingi darajadan ham yuqoriladi.
Mamlakatga kirish tartiblarining yengillashtirilishi, vizasiz rejimning kengaytirilishi va raqamli toʻlov xizmatlarining qulaylashishi Xitoyga sayyohlarni jalb qilishda muhim omil boʻldi.
Ulashish