Iqtisodiyot
Qashqadaryoda yangi etnoturizm markazlari tashkil etilib, yirik loyihalar boshlanadi
Qashqadaryo viloyatiga yiliga 6 million sayyoh jalb qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo'lib, bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon viloyatga 2,5 million sayyoh tashrif buyurgan bo'lib, ulardan birgina Gelon qishlog'ining o'ziga kelganlar soni 500 ming nafarga yetdi. Ushbu turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Tatariston bilan hamkorlikda Gelondagi tog-chang'i kurortining birinchi bosqichini kelasi yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tabiat manzaralari jihatidan Gelonga o'xshash bo'lgan Chiroqchi tumanidagi Tarag'ay, Kitob tumanidagi Bashir va Yakkabog'dagi Tatar qishloqlarini ham etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyatlari ko'rsatib o'tildi. Mazkur hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha aniq vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida tog daryolari negizida rafting hamda sport turizmini rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu kabi loyihalar hududda faol dam olish turlarini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Mutasaddilarga ushbu olti qishloq bo'yicha bir oy muddatda maxsus master-reja ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, kelgusi yilning 1 mart sanasidan boshlab qiymati 50 million dollarlik loyihalarni amaliyotga tatbiq etishni boshlash vazifasi qo'yildi.
Shu bilan birga, viloyatda turistik jozibadorlikni oshirish va qishloq xo'jaligi hamda gastronomik salohiyatni namoyish etish maqsadida an'anaviy tadbirlar yo'lga qo'yiladi. Jumladan, har yili bahor faslida G'uzor tumanida Lola va kabob hamda Ko'kdala tumanida Chiyal yaxna gastronomik festivallarini o'tkazish amaliyoti joriy etiladi.
Ushbu keng ko'lamli chora-tadbirlar Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga, yangi ish o'rinlarini yaratishga va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Barcha belgilangan vazifalar ijrosi qat'iy nazorat ostiga olingan.
Ulashish