Jahon yangiliklari
Kiyevda raketa toʻqqiz qavatli uyga urildi: qurbonlar va jarohatlanganlar bor
13-oktabr kuni Rossiyaning Kiyevga uyushtirgan navbatdagi hujumi oqibatida ikki kishi halok boʻldi, 21 kishi turli tan jarohatlarini oldi. Shahar meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, dushman raketasi toʻqqiz qavatli turarjoy binolaridan biriga kelib urilgan. Jabrlanganlar orasida sakkiz yoshli bola ham borligi maʼlum qilindi.
Nemis nashri DW xabariga koʻra, mazkur raketa Kiyevning shimoli-sharqidagi Desnyanskiy tumanida joylashgan turarjoyga kelib tekkan. Kuchli zarba natijasida binoning pastki sakkiz qavatidagi xonadonlarda yongʻin kelib chiqqan va jiddiy talofat koʻrgan. Shahar meri 16 nafar jarohatlangan fuqaro kasalxonaga yotqizilganini, ulardan toʻrt nafarning ahvoli ogʻir ekanini tasdiqlagan.
Shuningdek, hujum oqibatida poytaxtning boshqa tumanlarida ham vayronagarchiliklar kuzatilgan. Jumladan, Solomenskiy tumanida dron ofis binosiga kelib urilgan, Darnitskiy tumanida esa dron parchalari stadion hududiga tushgan. Desnyanskiy tumanida esa turarjoydan tashqari omborxona binosi ham yongʻindan zarar koʻrgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning taʼkidlashicha, ushbu zarbaning asosiy nishoni Kiyevdagi muhim energetika obyektlaridan biri - 4-issiqlik elektr markazi boʻlgan. U bu hujum Donald Tramp eʼlon qilgan energetik sulh fonida amalga oshirilganini alohida qayd etdi. Zelenskiy hamkor davlatlar Ukrainani Rossiya ballistik raketalarni uchirgani haqida oʻz vaqtida ogohlantirmaganidan noroziligini bildirib, buni adolatsizlik deb atadi.
Ukraina rahbari AQSH va xalqaro hamjamiyat sodir boʻlayotgan voqealarga hamda davom etayotgan urush uchun masʼuliyatga eʼtibor qaratishi muhimligini taʼkidladi. Ukraina razvedkasi maʼlumotlariga koʻra, Rossiya qoʻshinlari yangi ballistik raketa zarbalarini berishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Vashingtonda bayonot bergan AQSH prezidenti Donald Tramp esa Vashington Ukrainaga razvedka maʼlumotlarini bermayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, ikki tomonlama yordam davom etishini bildirdi.
Trampning soʻzlariga koʻra, AQSH urushni tezroq tugatish maqsadida Ukraina va Rossiya rasmiylari bilan faol ishlamoqda. Energetik sulhning buzilishi haqidagi savolga javob berar ekan, u qoidabuzarliklar har ikki tomondan ham kuzatilganini qayd etib oʻtdi. Eslatib oʻtamiz, 13-oktabrga oʻtar kechasi Xarkivga berilgan zarba oqibatida uch kishi halok boʻlgan, 12-oktabr oqshomida esa Kiyevdagi 25 qavatli uyga dron urilishi natijasida yana ikki kishi hayotdan koʻz yumgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi oʻz navbatida Kiyevdagi harbiy-sanoat korxonalari va logistika markazlariga, shu jumladan dron ishlab chiqarish sexi hamda lokomotiv deposiga muvaffaqiyatli zarbalar berilganini daʼvo qildi. Hozirda poytaxtda qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ulashish