← Orqaga
searchTV.uz

Oʻzbekistonda ayrim muhim obyektlarni toʻgʻridan toʻgʻri foydalanishga qabul qilish tartibi belgilandi

Oʻzbekistonda qurilishi tugallangan ayrim muhim obyektlarni toʻgʻridan toʻgʻri foydalanishga qabul qilish boʻyicha yangi tartib joriy etildi. Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, bu boradagi maʼmuriy reglamentga muhim oʻzgartirishlar kiritildi. Ushbu tartibga koʻra, alohida hollarda davlat sirlari bilan bogʻliq yoki alohida muhim toifalangan obyektlar komissiyalar dalolatnomalari asosida toʻgʻridan toʻgʻri foydalanishga qabul qilinadi. Bunday obyektlarni qabul qilish jarayoni maxsus komissiyalar zimmasiga yuklatiladi. Qarorga asosan, obyektlarni qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan Davlat qabul komissiyasi tuziladi. Shuningdek, buyurtmachilar tomonidan ham alohida ishchi komissiya tashkil etilishi belgilab qoʻyildi. Qurilish obyektlari ushbu komissiyalarning dalolatnomalarini rasmiylashtirish va ularni tegishli tartibda tasdiqlash orqali toʻgʻridan toʻgʻri foydalanishga topshiriladi. Davlat qabul komissiyasining qurilishi yakunlangan loyihalar doirasidagi obyektlarni qabul qilish haqidagi dalolatnomasi bevosita komissiya raisi tomonidan tasdiqlanishi shart etib belgilandi. Shu bilan birga, yangi tartibda qatʼiy nazorat mexanizmlari ham nazarda tutilgan boʻlib, davlat sirlari yoki muhim ahamiyatga ega obyektlar boʻyicha muhim talab qoʻyildi. Xususan, Davlat qabul komissiyasi dalolatnomasini rasmiylashtirishdan oldin Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish obyektida belgilangan tartibda majburiy nazorat oʻlchovi oʻtkazilishi shart. Mazkur oʻzgarishlar qurilish sohasidagi ayrim maxsus toifadagi obyektlarni topshirish jarayonini tartibga solish hamda moliyaviy nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Ulashish