← Orqaga
searchTV.uz

1-noyabrdan xalqaro kurerlik joʻnatmalari uchun bojxona yigʻimi 20 foizga kamayadi

Oʻzbekistonda xalqaro kurerlik joʻnatmalarini qoʻllab-quvvatlash va logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Prezidentning 2026-yil 12-oktabrdagi «Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–368-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab xalqaro kurerlik joʻnatmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazganlik uchun amaldagi yigʻim stavkasi 20 foizga pasaytiriladi. Bu chora tadbirkorlar va fuqarolar uchun xalqaro joʻnatmalarni qabul qilish hamda yuborish jarayonlarini yengillashtirishga xizmat qiladi. Qarorga asosan, 2026–2030-yillarda respublikada transport-logistika markazlarining yillik quvvatini kamida 40 million tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, Oʻzbekiston hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Barcha talablarga javob beradigan xalqaro quruqlik portlari sonini 24 tadan 30 taga koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Islohotlar doirasida davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati hamda logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobar oshiriladi. Transport-logistika sohasiga hududlarni ixtisoslashtirish ham boshlanib, unga koʻra Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlari mazkur sohaga yoʻnaltiriladi. Logistika markazlarida zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy etiladi. Xususan, terminallarni boshqarish uchun TOS va omborni boshqarish uchun WMS tizimlari oʻrnatiladi. Ushbu markazlar 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining E-logistika platformasiga ulanishi majburiy etib belgilandi. Belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soligʻidan toʻliq ozod qilinadi. Bunday imtiyozga ega boʻlish uchun markaz ESKATOning quruqlik portlari toʻgʻrisidagi bitimiga kiritilgan boʻlishi, talab qilingan boshqaruv tizimlarini joriy etishi hamda E-logistika platformasida BB yoki undan yuqori reytingga ega boʻlishi shart. Shuningdek, transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan korxonalar uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar 2029-yil 1-avgustgacha bojxona boji hamda majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi. Bundan tashqari, M₂, M₃ va N toifadagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham qulayliklar yaratilib, ular 2027-yil 31-dekabrgacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji toʻlamasdan import qilishi mumkin boʻladi.
Ulashish