Ilm-fan
Arxeologlar Misrda boshining ozi 1.6 metr keladigan firavn haykalini aniqladi
Misrning Gariya viloyatida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida jahon tarixini boyituvchi yana bir yirik topilma aniqlandi. Mutaxassislar Ramses II tasvirlangan bo'lishi mumkin bo'lgan ikkita ulkan haykal parchalarini topishdi. Ushbu mahobatli topilmalar qadimiy tarix ixlosmandlari va ilmiy doiralar e'tiborini tortdi.
Ma'lum bo'lishicha, qidiruv ishlari Behbet-el-Hajar aholi punktida Misr Qadimiy yodgorliklar boyicha oliy kengashi ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilgan. Qazishmalar jarayoni mahalliy aholi vakillaridan biri o'z uyi yaqinidagi yerga ishlov berayotganda yozuvli tosh bo'lagini tasodifan topib olganidan keyin boshlangan.
Aholi vakili bu haqda darhol yodgorliklarni muhofaza qilish inspeksiyasiga xabar bergan. Dastlabki tekshiruvlar toshning haqiqatan ham ulkan arxeologik ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagan. Shundan so'ng voqea joyiga maxsus komissiya va professional qazishma guruhi safarbar etilgan.
Olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida arxeologlar ikkita mahobatli firavn haykalining qismlari hamda Ramses II bilan bog'liq iyerogliflar bitilgan pushti granit bo'lagini topishga muvaffaq bo'lishdi. Topilgan haykallardan birining bosh qismi balandligi qariyb 1.6 metrni tashkil etadi. Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, haykalning dastlabki umumiy balandligi tagligi bilan birga 8.5 metrga yetgan.
Oliy kengash bosh kotibi Hisham el-Leytiyning ta'kidlashicha, birinchi haykalning boshida pshent deb ataladigan qo'sh toj tasvirlangan. Bu toj Yuqori Misrning oq va Quyi Misrning qizil tojlarini birlashtirib, ikki hududning firavn hokimiyati ostidagi birligini ifodalagan. Shuningdek, haykal orqasidagi tayanch ustunda firavnning rasmiy unvonlari tarkibiga kirgan Gor nomi yozuvi mavjud.
Ikkinchi topilma esa boshqa bir firavn haykalining qariyb 2.4 metr balandlikdagi saqlanib qolgan qismidir. Arxeologlar bu haykal ham Ramses II ni tasvirlashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Uning oyoqlari va tagligi saqlanmagan bo'lsa-da, yuqori qismida firavnlarga xos yo'l-yo'l nemes bosh kiyimi aks etgan.
Buyuk Ramses nomi bilan tanilgan Ramses II Yangi podsholik davrida Misrning XIX sulolasiga mansub uchinchi firavn bo'lgan. U taxminan miloddan avvalgi 1279-1213-yillarda hukmronlik qilgan. Olti o'n yillikdan ortiq davom etgan bu davr yirik qurilishlar va mahobatli ibodatxonalar bunyod etilishi bilan tarixda qolgan.
Ulashish