Jahon yangiliklari
Dunyo bo'ylab bolalarning internetga kirishi cheklanmoqda
Raqamli texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi va ijtimoiy tarmoqlarning kundalik hayotimizga chuqur kirib borishi global miqyosda yosh avlodning ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Kiberbullinglar, ekran qaramligi, maxfiylik yo'qolishi va yoshga mos kelmaydigan kontentlar oqimi butun dunyo hukumatlarini qat'iy choralar ko'rishga majbur qilmoqda. Bu borada xalqaro miqyosda turli qonunchilik tashabbuslari va cheklovlar joriy etilmoqda.
Turkiyada e'lon qilingan va 1 noyabrdan kuchga kiradigan yangi qoidalar bu boradagi navbatdagi qadam bo'ldi. Resmi Gazete ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi, 15 yoshdan oshgan o'smirlar uchun esa hisoblar avtomatik ravishda yopiq rejimda ishlaydi va ota-onalar nazorati tizimlari joriy etiladi. Biroq, bu ko'rsatkichlar alohida voqelik emas, balki keng qamrovli jarayonning bir qismidir.
So'nggi davr tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, butun dunyo bo'ylab bolalarning raqamli makondagi harakatlarini qonuniy tartibga solish global tendentsiyaga aylandi. Misol uchun, Avstraliya bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo'yicha eng qat'iy choralarni birinchilardan bo'lib amaliyotga tatbiq etdi. Qabul qilingan Online Safety Amendment qonuniga ko'ra, 16 yoshga to'lmagan bolalarga TikTok, Instagram, X va YouTube kabi yetakchi platformalarda akkaunt ochish hamda ulardan foydalanish taqiqlangan.
Xitoyda 18 yoshdan kichik bo'lgan foydalanuvchilar uchun internet platformalarida, jumladan Douyin platformasida qat'iy vaqt cheklovlari mavjud. 14 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun kunlik foydalanish vaqti 40 daqiqa bilan cheklangan bo'lib, soat 22:00 dan 06:00 gacha o'smirlarning ijtimoiy tarmoqlar va onlayn o'yinlardan foydalanishi avtomatik bloklanadi. Bu choralar yoshlarning internetga qaramligini kamaytirishga qaratilgan.
Evropa mamlakatlari bolalar va o'smirlarning shaxsiy ma'lumotlarini muhofaza qilish hamda mas'uliyatli raqamli muhit yaratish yondashuvini ilgari surmoqda. Qonunchilik texnologik gigantlar zimmasiga bolalarni zo'ravonlik va zararli materiallardan himoya qilish majburiyatini qo'yadi. Qoidabuzar platformalar yillik global daromadining 10 foizigacha miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Fransiyadagi Raqamli balog'at yoshi qoidalariga ko'ra, 15 yoshgacha bo'lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro'yxatdan o'tishi uchun ota-ona roziligi va tasdiqlangan yosh tekshiruvi talab qilinadi. Evropa Ittifoqi hududida 13-16 yosh oralig'idagi o'smirlarning shaxsiy ma'lumotlarini ota-onasi ruxsatisiz qayta ishlash qonunan taqiqlanadi. AQShda esa umummilliy taqiq bo'lmasa-da, shtatlar darajasida muayyan cheklovlar joriy etilmoqda.
Ilgari internet texnologiyalarining rivojlanishiga cheksiz axborot erkinligi nuqtai nazaridan qaralgan bo'lsa, hozirgi kunda u bevosita psixologik salomatlik va milliy xavfsizlik masalasi darajasiga ko'tarildi. Xalqaro tajriba shuni anglatadiki, kelajakda bolalarni raqamli tahdidlardan muhofaza qilish faqat ota-ona nazorati bilan cheklanib qolmay, davlat qonunchiligi va IT-kompaniyalarning huquqiy mas'uliyati uyg'unligida amalga oshiriladi.
Ulashish