Jahon yangiliklari
Ular boshladi. Biz javob beramiz: Putin Ukrainaga tahdid qildi
Rossiya hukumati ukrainlar Wildberries va Ozon marketpleyslariga zarba berishini kutmagandi, dedi Vladimir Putin «Delovaya Rossiya» qurultoyida chiqish qilib. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bunday harakatlarga duch keldi va dushman doim oldindan ko‘ra bilish kerak bo‘lgan qadamlarni tashlamoqda.
Putin bu fikrlarni Wildberries asoschisi Tatyana Kimning Ukrainaning kompaniya omborlariga bergan zarbalari haqidagi chiqishiga munosabat bildirayotib aytdi. U Rossiya bunday zarbalarga javob qaytarishni boshlagach, Ukraina tomoni homiylarining oldiga borib, taʼsir ko‘rsatish va to‘xtatishni yolvorib so‘rashini taʼkidladi.
Shuning bilan birga, energetika obyektlari bo‘yicha ham xuddi shunday holat takrorlanganini taʼkidlagan Rossiya rahbari, Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab yo‘llagan so‘nggi zarbalari jiddiy bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi. Putin Rossiya allaqachon bu hujumlarga javob qaytarishni boshlaganini qayd etdi.
«Ular birinchi bo‘lib qadam tashladi. Biz javob qaytarishni boshladik. Hozir u tomonda energetika bo‘yicha ham, boshqa obyektlar, jumladan, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va shu kabilar yuzasidan ham dod-voy solishyapti», – dedi Rossiya prezidenti.
«Agentstvo» nashrining qayd etishicha, bu Putinning maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari bo‘ylab zarbalar yuzasidan ilk bor munosabat bildirishi hisoblanadi. Biroq kontekstdan qaysi tomonning zarbalari nazarda tutilgani to‘liq tushunarsizligicha qolmoqda.
Sentabr oyida Rossiya Ukrainadagi bir necha data-markazlarga hujum qilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi esa Kiyevga raqamli detoks bilan tahdid qilgan edi. 10-oktabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining Yandeksga hujumlari boshlanganidan so‘ng, Rossiya Ukrainaning Tenet provayderining Odessadagi data-markaziga va Kiyevdagi Ukrsibbank ATMga zarba berdi.
13-oktabr kuni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyadagi data-markazlarga hujumlar mavzusi hukumatda muhokama qilinganini bildirdi. Keyingi kuni Putin kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha maxsus yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirning ochiq qismida Putin ishtirokchilardan raqamli xavfsizlik darajasini oshirish imkonini beradigan takliflarni kutayotganini aytdi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri va gibrid tashqi tajovuz fonida kibertahdidlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini taʼkidladi.
Ulashish