← Orqaga
searchTV.uz

Bektemirda tadbirkorlarning tashabbus va muammolari muhokama qilindi

Toshkent shahridagi Bektemir tumanining Abay mahallasida tadbirkorlar va fuqarolar ishtirokida navbatdagi amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, aholi bandligini ta'minlash va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Uchrashuvda "Biznesni rivojlantirish banki" boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Yusupov, Toshkent shahar prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Urmanov, tuman hokimi N.Abdraxmanov hamda boshqa mas'ul idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Muloqot davomida tumanda faoliyat yuritib kelayotgan biznes vakillari va mahalliy aholini qiynab kelayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirish, imtiyozli kredit resurslaridan foydalanish tartiblari, yangi investitsiya loyihalarini boshlash hamda daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha o‘zlarining taklif va murojaatlarini bildirdilar. Jumladan, uchrashuvda "RWS OPTIMUM" MChJ rahbari qum-shag‘al aralashmasini xomashyo sifatida olish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Shuningdek, "CHILON LUBRICANTS" MChJ rahbari tog‘-kon sanoatida portlovchi moddalar ishlab chiqarishni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan o‘zining muhim takliflarini o‘rtaga tashladi. Bildirilgan barcha murojaat, taklif va muammolar mas'ul rahbarlar tomonidan nazoratga olinib, ularni qisqa fursatlarda hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Bunday ochiq muloqotlar davlat idoralari va biznes hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulashish