← Orqaga
searchTV.uz

Mirzaobod - Sirdaryoning baliqchilik markaziga aylanmoqda

Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan baliq mahsulotlarining 70 foizdan ortig'i Mirzaobod tumani hissatsiga to'g'ri keladi. Ayni paytda tumanda 157 ta baliqchilik xo'jaligi va tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ularda yiliga o'rtacha 8-10 ming tonna baliq yetishtirilmoqda. Bu raqamlar Mirzaobodning viloyat baliqchilik tarmog'idagi salmoqli o'rnini yaqqol namoyon etadi. Tarmoq salohiyatini yanada oshirish, ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida tumanda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, CA Ronghai Aquatic Science and Technology MChJ tomonidan umumiy qiymati 10 million AQSh dollariga teng ekologik baliqchilik xo'jaligini barpo etish ko'zda tutilgan. Loyiha to'liq amalga oshirilsa, korxona yiliga 5 ming tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega bo'ladi. Loyihani bosqichma-bosqich rivojlantirish belgilangan. Unga ko'ra, 2027 yilda 1500 tonna, 2028 yilda 3000 tonna, 2029 yilda esa 5000 tonna baliq yetishtirish maqsad qilingan. Dastlabki bosqichda 5 million dollar investitsiya kiritish, 2029 yilda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish uchun yana 5 million dollar yo'naltirish rejalashtirilgan. Xo'jalikda baliq chavoqlarini ko'paytirish, ularni intensiv usulda parvarishlash va tovar baliq yetishtirish jarayonlarini yo'lga qo'yish nazarda tutilgan. E'tiborli tomoni, tumanda baliqchilikni rivojlantirish uchun keng suv havzalari va shakllangan ishlab chiqarish bazasi mavjud. Xususan, tumanda baliq yetishtirishda foydalanilayotgan suv havzalari maydoni 14 ming gektardan ziyod bo'lib, shundan qariyb 6,7 ming gektari sun'iy baliqchilik havzalariga to'g'ri keladi. Ushbu havzalarda karp, do'ngpeshona, oq amur, laqqa va boshqa turdagi baliqlar yetishtirilmoqda. Shu bilan birga, tumanda 90 gektar maydonda intensiv usulda baliq yetishtirishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, suv resurslarini tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari Obid Ahmatqulovning ta'kidlashicha, Mirzaobod tumanida baliqchilikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Asosiy vazifa suv resurslarini tejash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat. Intensiv usullar mahsulot hajmini ko'paytirib, ichki bozor barqarorligini ta'minlaydi. Rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining to'liq amalga oshirilishi mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantiradi. Eng muhimi, yangi quvvatlarning ishga tushirilishi qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish, aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Ulashish