← Orqaga
searchTV.uz

Ishbilarmon ayol – 2026 tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Mahalladagi oddiy g‘oyani daromad manbaiga, kichik tashabbusni esa muvaffaqiyatli biznesga aylantirish uchun avvalo jasorat, izlanish va qat’iyat kerak. Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan «Ishbilarmon ayol – 2026» ko‘rik-tanlovi ana shunday fazilatlari, tashabbuskorligi va mehnati bilan o‘z ishini rivojlantirayotgan xotin-qizlarni bir maydonda birlashtirdi. Tanlovning hududiy bosqichi yakunlanib, o‘z g‘oyalari va erishgan natijalari bilan ajralib turgan g‘oliblar aniqlandi. Dastlabki bosqichi mahallalarda o‘tkazildi. Viloyatning 220 ta mahallasida «Mahallaning ishbilarmon ayoli» loyihasi amalga oshirilib, 3 mingga yaqin tashabbuskor va mehnatsevar ayolning faoliyati o‘rganildi. Ularning tadbirkorlik tajribasi, erishgan natijalari va yangi g‘oyalari bilan tanishildi. Keyingi bosqichlarda tuman va shaharlarda saralangan ishtirokchilar hududiy bosqichda o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘lishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Sayxunobod tumanidagi «Davron orzusi» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Dildora Norboyeva birinchi o‘rinni egalladi. Guliston tumanidagi «Kamila» nodavlat mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamila Anorqulova ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Oqoltin tumanidagi «Nafisa shirinliklari» yakka tartibdagi tadbirkori Nafisa Boyqulova esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar o‘z faoliyatidagi natijalari, tashabbuskorligi va ishbilarmonlik salohiyati uchun e’tirof etildi. Ularga tashkilotchilarning diplomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur tadbir xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ldi.
Ulashish