Madaniyat
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistondagi tarixiy obidalar va Navoiy hovuzini oʻrgandi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonga uyushtirgan tashrifi doimiy ravishda mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga daxldor boʻlgan qadamjolar ahvolini oʻrganishga qaratildi. Madaniy meros agentligi direktori oʻrinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi delegatsiya tarkibi Afgʻonistonning Balx, Taxor, Sari-Pul va Faryob viloyatlarida boʻldi.
Tashrif davomida vakillar buyuk oʻzbek allomalari va mutafakkirlari faoliyati bilan bogʻliq ziyoratgohlar, maqbaralar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni yaqindan koʻzdan kechirdi. Mutaxassislar ularning bugungi kundagi holati haqida atroflicha maʼlumot toʻplab, saqlash choralarini muhokama qilishdi.
Jumladan, delegatsiya aʼzolari Mazori Sharif shahridagi ulugʻvor Ravzai muborak maqbarasini ziyorat qildi. Shuningdek, Taxor viloyatining Ishkamish uyezdida joylashgan Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Sari-Pul shahrida esa delegatsiya tarixiy gʻisht koʻprik, Xisht pul va qadimiy Eidgoh masjidlari bilan yaqindan tanishdi. Imomzoda Yahyo maqbarasi ham mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, uning arxitekturaviy xususiyatlari koʻrib chiqildi.
Faryob viloyatining Andxoy uyezdida joylashgan Bobo Vali Jon madrasa majmuasi hamda Alisher Navoiy xayriya yoʻli bilan qurdirgan tarixiy Bobo Vali hovuzi ham oʻrganilgan obidalar qatorida boʻldi. Shuningdek, Mirsaid Baraka meʼmoriy obidasi holati ham koʻzdan kechirildi.
Afgʻonistonning madaniyat sohasi masʼullari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda Oʻzbekistonda tarixiy obidalarni qayta tiklash borasida ulkan tajriba va malakali kadrlar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Ikki tomonlama muloqotlar davomida yodgorliklarni kelajak avlodlarga asl holida yetkazishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar chogʻida oʻzbek va afgʻon xalqlarini asrlar davomida mustahkam tarixiy, madaniy hamda diniy rishtalar bogʻlab kelgani qayd etildi. Afgʻonistondagi boy madaniy merosni shakllantirishda oʻzbek xalqining ham munosib hissasi borligi eʼtirof etildi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, yigʻilgan maʼlumotlarni chuqur tahlil qilish asosida tarixiy obidalarni asrash va qayta tiklashga qaratilgan oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirildi.
Ulashish