← Orqaga
searchTV.uz

Germaniyada 13 yoshga tolmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda

Germaniya hukumati internetda bolalarni himoya qilish choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Yangi takliflarga ko'ra, mamlakatda 13 yoshga toʻlmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash ko'zda tutilgan. Shuningdek, oʻsmirlar uchun maxsus cheklovlar joriy etish va boshlangʻich sinf oʻquvchilariga sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus taʼlim dasturini ishlab chiqish ham rejalashtirilmoqda. Vazirlar mahkamasi islohotning asosiy qoidalarini maʼqullagan, ammo yakuniy qonunlar hali qabul qilinmagan. Germaniya Yevropa Ittifoqi darajasida yagona qoidalar joriy etilguniga qadar oʻzining milliy cheklovlarini oʻrnatishni maqsad qilgan. Bunda bolalar uchun moʻljallangan maxsus platformalarga istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkinligi aytilmoqda. Taklif etilayotgan chora-tadbirlar doirasida 13 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun bosqichma-bosqich cheklovlar nazarda tutilmoqda, biroq ular hozircha aniq belgilanmagan. Hukumat, shuningdek, platformalarga dastlabki bosqichdanoq bolalar xavfsizligini hisobga olish majburiyatini yuklamoqchi. Shu jumladan, algoritmlar asosidagi tavsiyalarni standart holatda oʻchirib qoʻyish va qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalarga qarshi kurashish taklif etilmoqda. Bunday funksiyalar qatoriga lentani cheksiz aylantirish va videolarni avtomatik ravishda ijro etish kabi xususiyatlar kiradi. Yana bir muhim tashabbus CI-Seepferdchen dasturi boʻlib, unda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga sunʼiy intellekt ilovalarini tanish, ularning imkoniyatlari va xavf-xatarlarini anglash hamda ulardan ongli ravishda foydalanish oʻrgatiladi. Hozircha bu cheklovlar va dasturlar qachon toʻliq kuchga kirishi nomaʼlimligicha qolmoqda. Bitkom soʻrovi maʼlumotlariga koʻra, Germaniya aholisining 79 foizi bolalar uchun moʻljallangan CI-Seepferdchen dasturi gʻoyasini juda foydali deb hisoblaydi. Bu esa jamiyatda bolalarning raqamli xavfsizligini taʼminlashga boʻlgan ehtiyoj yuqori ekanini koʻrsatadi.
Ulashish