Iqtisodiyot
Sanksiyalarga qaramay: Rossiya YeIga 286 milliard yevrolik neft va gaz sotgan
Rossiya bosh vaziri o'rinbosari Aleksandr Novakning ma'lum qilishicha, mamlakat 2022-yildan buyon Yevropa Ittifoqiga 320,7 milliard dollar - qariyb 286 milliard yevrolik neft va gaz sotgan. Bu ko'rsatkich Ukrainaga qarshi keng ko'lamli urush tufayli G'arb davlatlari tomonidan joriy etilgan qattiq sanksiyalar sharoitida amalga oshgani e'tiborga molik.DW xabariga ko'ra, Novak ushbu rasmiy raqamlarni 12-oktabr kuni Vesti teledasturida e'lon qilgan. Rossiya Energetika vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning dastlabki to'qqiz oyida Yevropaga 21,3 milliard dollarlik, ya'ni 19,1 milliard yevrolik energiya resurslari yetkazib berilgan. Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari mamlakat energiya eksportining asosiy qismi hozirda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlariga yo'naltirilganini ta'kidlamoqda. Rossiya dizel yonilg'isi eksportini oyiga 3,5 million tonnagacha oshirish imkoniyatiga ega ekanligi ham aytildi.Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar boshlaganidan so'ng Yevropa Ittifoqi Rossiya energetika sektoriga qarshi bir qator qat'iy sanksiyalar kiritgan va uning energiya resurslaridan to'liq voz kechish siyosatini e'lon qilgan edi. Biroq AFP agentligi qayd etishicha, YeIning ayrim davlatlari, jumladan Fransiya Rossiyadan energiya resurslari, xususan suyultirilgan tabiiy gaz xarid qilishni davom ettirmoqda. Shuningdek, Slovakiya va Vengriya sanksiyalardagi istisnolar asosida quvur orqali yetkaziladigan Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda.Tahlil qilinayotgan hisob-kitoblarga Rossiya neft va gazining Hindiston yoki Turkiya kabi uchinchi mamlakatlarda qayta ishlanib, keyin Yevropaga yetkazilgan qismi kiritilmagani ma'lum qilindi. Ushbu davlatlar, shuningdek Xitoy Rossiyadan xom neft xaridini sezilarli darajada oshirgan. Bu holat jahon bozorida energiya resurslari logistikasining o'zgarganidan dalolat beradi.11-oktabr kuni AQSH moliya vaziri Skott Bessent yevropaliklarni ikkiyuzlamachilikda ochiqchasiga ayblagan edi. U Yevropa Rossiyadan energiya resurslarini sotib olish orqali Vladimir Putinni moliyalashtirishda davom etayotganini qattiq tanqid qilgan. Bu kabi bayonotlar AQSH va Rossiya o'rtasida dizel yonilg'isi yetkazib berish bo'yicha e'lon qilingan yangi kelishuvlar fonida yangragani siyosiy doiralarda muhokamalarga sabab bo'lmoqda.AQSH prezidenti Donald Tramp 9-oktabr kuni Vladimir Putin bilan o'tkazgan telefon muloqotidan so'ng Rossiya dizelini Amerika va jahon bozoriga yetkazib berish bo'yicha kelishuvga erishilganini ma'lum qilgan edi. Trampning bayonotiga ko'ra, dastlabki bosqichda Rossiya kompaniyalari 300 ming tonnadan ortiq, noyabr oyida yana 500 ming tonna, shundan so'ng esa 1 million tonna dizel jo'natishi rejalashtirilgan. Keyinchalik neftni qayta ishlash zavodlarining holatidan kelib chiqqan holda yana 3 million tonna yetkazib berish masalasi ham ko'rib chiqilishi mumkin, biroq bu hajm uchun hozircha aniq muddat belgilanmagan.
Ulashish