Iqtisodiyot
Markaziy Osiyo sanoat kooperatsiyasi: imkoniyatlar va tarkibiy o'zgarishlar
2026 yil yanvar-avgust oylarida Markaziy Osiyoning to'rt mamlakatida sanoat ishlab chiqarishining ijobiy o'sish sur'atlari saqlanib qoldi. Mazkur davrda eng yuqori o'sish sur'ati Tojikistonda 13,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Qirg'izistonda 8,8 foiz, O'zbekistonda 8 foiz va Qozog'istonda 2,8 foizlik o'sish qayd etildi.
Mamlakatlar kesimida sanoat rivojlanishining asosiy tendentsiyalari turlicha kechdi. Xususan, Qozog'istonda sanoat ishlab chiqarishi hajmi qiymat ifodasida 98,2 milliard dollarga etdi. Biroq o'sish sur'atlari olingi davrlarga nisbatan sekinlashdi, bunga asosiy cheklovchi omil sifatida tog'-kon sanoatidagi pasayish ta'sir ko'rsatdi. Neft va gaz qazib olish hajmi qisqarganiga qaramay, qayta ishlash sanoati yuqori o'sish sur'atlarini saqlab qoldi.
Qirg'izistonda esa sanoat ishlab chiqarishining o'sish sur'ati 8,8 foizni tashkil etib, umumiy hajm 6,9 milliard dollarga etdi. Bu erda ham qayta ishlash sanoati etakchi o'rinni egallab, uning jami sanoatdagi ulushi sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, kimyo sanoati, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarishda yuqori natijalar kuzatildi.
Tojikiston ko'rib chiqilayotgan mamlakatlar orasida eng yuqori o'sish sur'atini saqlab qoldi. Ishlab chiqarish hajmi 4,9 milliard dollarni tashkil etib, ijobiy dinamika asosan qayta ishlash sanoati va energetika tarmog'i hisobiga ta'minlandi. Garchi qazib olish sektorida ayrim pasayishlar kuzatilgan bo'lsa-da, kimyo va oziq-ovqat sanoati yuqori o'sish ko'rsatdi.
O'zbekistonda esa sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga o'sib, umumiy hajm 78 milliard dollarga etdi. Qayta ishlash sanoati o'tgan yilning mos davriga nisbatan jadal rivojlanib, uning jami sanoatdagi ulushi 87 foizga oshdi. O'zbekiston qayta ishlash sanoati ulushi bo'yicha mintaqada etakchilikni saqlab qoldi.
Mazkur davrda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat ishlab chiqarishining jami hajmi qiymat ifodasida 188 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu hajmning asosiy qismi, ya'ni 93,7 foizi Qozog'iston va O'zbekiston hissasiga to'g'ri keldi. Mintaqa miqyosida qayta ishlash sanoatining rivojlanishi umumiy ijobiy sur'atlarni ta'minlovchi asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylandi.
Ulashish