Jamiyat
Namanganda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga bag'ishlangan trening o'tkazildi
Namangan shahrida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining rolini kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan ikki kunlik amaliy trening bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan loyihaning kichik grantlar dasturi doirasida tashkil etildi. Shuningdek, jarayonga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi yaqindan hamkorlik qildi.
Trening davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish, joylarda nodavlat notijorat tashkilotlarining salohiyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi. O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengash raisi Kamoliddin Eshonxo'jayev, Namangan viloyati adliya boshqarmasi bo'lim boshlig'i Zulfiya Ahmadxo'jayeva va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi xodimi Fotima Turg'unboyeva bu boradagi fikrlarini bildirib o'tdilar.
Amaliy mashg'ulotlar davomida ishtirokchilar jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari, uni amalga oshirish shakl va mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, jamoatchilik eshituvlari va monitoringlarini tashkillashtirish, korrupsiya xavflarini o'z vaqtida aniqlash hamda davlat organlari faoliyatida jamoatchilik ishtirorini ta'minlash ko'nikmalari o'rgatildi. O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo'limi raisi Ikromjon Karimov NNTlar xalq va davlat o'rtasidagi ko'prik vazifasini o'tashini alohida ta'kidlab o'tdi.
Seminarning ikkinchi qismi qizg'in bahs-munozaralar va savol-javoblar ruhida o'tdi. Ishtirokchilar kichik guruhlarga bo'lingan holda amaliy topshiriqlarni bajarib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bo'yicha real keyslarni ko'rib chiqdilar. Shuningdek, jamoatchilik eshituvlari va monitoringini amalda to'g'ri tashkil etish yo'llari muhokama qilindi. Tadbir yakunida olingan bilimlar hududiy darajadagi kelgusi loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda muhim poydevor bo'lishi qayd etildi.
Ulashish